Mohsen Maxmalbaf
Mohsen Maxmalbaf (forscha: محسن مخملباف; talaffuzi: mohˈsen mæxmɒːlˈbɒːf, 29-may, 1957-yil, Tehron, Eron) — eronlik kinorejissyor, yozuvchi, montaj ustasi va prodyuser. 20 dan ortiq badiiy film suratga olgan, 50 dan ortiq mukofotga sazovor boʻlgan va 15 dan ortiq yirik xalqaro kinofestivallarda hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etgan. Maxmalbafning mukofotga sazovor boʻlgan filmlari qatoriga „A Moment of Innocence“ (1996) va „Kandahar“ kiradi. Maxmalbafning soʻnggi hujjatli filmi — „The Gardener“, so‘nggi badiiy filmi esa — „The President“ hisoblanadi. Maxmalbaf 1979—1980-yillarda Islom inqilobi mujahidlari tashkiloti aʼzosi boʻlgan[1].
| Mohsen Maxmalbaf | |
|---|---|
| محسن مخملباف | |
|
| |
| Tavalludi |
29-may 1957-yil |
| Fuqaroligi |
|
| Faoliyat yillari | 1981-yildan hozirgacha |
| Turmush oʻrtogʻi |
|
| Bolalari |
Samira Meysam Hana |
| Mukofotlari |
„Freedom to Create Prize“, Federico Fellini nomidagi mukofot |
Maxmalbafning filmlari 21-asr boshlaridan boshlab xalqaro kinofestivallarda keng namoyish etilib kelmoqda. U rejissyor sifatida eron kinematografiyasining yangi toʻlqini sanaladi. „Time“ jurnali Maxmalbafning „Kandahar“ (2001) filmini zamonaning eng yaxshi 100 filmi roʻyxatiga kiritgan[2]. 2006-yilda esa Venetsiya kinofestivalida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etgan.
Maxmalbaf 2005-yilda, Mahmud Ahmadinajod prezident etib saylanganidan koʻp oʻtmay, Eronni tark etgan. 2009-yilgi Eron prezidentlik saylovi voqealaridan soʻng Parijda yashay boshlagan[3].
Hayoti
tahrirMaxmalbaf 1957-yil 29-mayda Tehronda tugʻilgan. 15 yoshida Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy hukmronligiga qarshi kurash olib borgan harbiy guruh tarkibiga qoʻshilgan. 17 yoshida esa bir politsiyachini pichoqlagani uchun hibsga olingan va oʻlim jazosiga hukm qilingan. Jazoning besh yilini o‘tab, Eron inqilobi ortidan ozod etilgan[4][5]. 2005-yilda Eronni tark etgan[6].
Faoliyati
tahrirMaxmalbaf Eron kinematografiyasining yetakchi namoyandalaridan biri boʻlib, uning filmlari shaxs va kengroq ijtimoiy-siyosiy muhit oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganadi. Shu bois uning ijodi Eron davlati va xalqining tarixiy taraqqiyotiga keng qamrovli izoh sifatida qaraladi. Maxmalbaf realizmdan tortib fantaziya va syurrealizm, minimalizm hamda kundalik hayotning yirik suratlarigacha boʻlgan turli janrlarda ijod qilgan. Koʻplab eronlik rejissyorlar kabi, bolalik va umuman, kino mavzulariga alohida e’tibor qaratadi[7].
1981-yilda u Manuchehr Hogʻoniparast tomonidan suratga olingan „Towjeeh“ filmi hamda 1982-yilda Mohammad-Reza Honarmand tomonidan ishlangan „Marg Deegari“ filmi uchun ssenariy yozgan. 1983-yilda Maxmalbaf oʻzining ilk filmi „Tobeh Nosuh”ni suratga oladi. 1985-yilda esa inqilobgacha boʻlgan Eron haqida hikoya qiluvchi „Boykot“ nomli filmini yaratadi. Ushbu filmda kommunistik qarashlari sababli oʻlimga hukm qilingan yosh yigit Valeh (Majid Majidi) haqida hikoya qilinadi. Film voqealari keng doirada Maxmalbafning shaxsiy hayotiy tajribalariga asoslangan. Maxmalbaf insondagi umidsizlik, ekspluatatsiya va chidamlilikni 1987-yilda suratga olingan „Velosipedchi“ filmida tasvirlaydi[8]. Filmda bemor xotinini davolatish uchun pulga muhtoj boʻlgan Nasim ismli afgʻonistonlik qochqinning hayoti haqida hikoya qilinadi. Nasim zarur mablagʻni topish uchun bir hafta davomida velosipedda kichik doira boʻylab tinimsiz aylanishga rozi boʻladi.
1989-yilda eronlik kinorejissyor Abbos Kiarostami tasodifan gazetada tehronlik erkak — Husayin Sabzian mashhur rejissyor Mohsen Maxmalbaf nomidan bir oilani aldab, oʻzini Maxmalbaf deb tanishtirgani haqidagi voqeani oʻqiydi. Kiarostami ushbu voqea asosida 1990-yilda „Yirik reja“ (Close-Up) nomli hujjatli-badiiy film suratga oladi va filmning soʻnggi sahnasida Maxmalbafning oʻzi ham suratga tushadi. „Yirik reja“ hozirda jahon kinematografiyasida oʻziga xos oʻringa ega. Film 2012-yilgi „Sight and Sound“ jurnalining „Eng yaxshi 50 ta film“ roʻyxatiga kiritilgan[9].
Maxmalbafning toʻqqizinchi badiiy filmi Time of Love (1991). Rejissyorning soʻzlariga koʻra bu uning „uchinchi davri“ning ilk filmi hisoblanadi[10]. Film bir xil voqeani uch xil talqinda taqdim etuvchi romantik trilogiya[11].
Maxmalbaf 1996-yilda Gabbeh nomli filmni suratga oladi. Film yorqin va jozibali gilamlari orqali hikoyalar soʻzlovchi koʻchmanchi Gashgʻay qabilasining hayotini tasvirlaydi. Asosiy syujetda sirli yigitni sevib qolgan, ammo unga turmushga chiqishiga otasi ruxsat bermagan yosh qiz haqida hikoya qilinadi. Film romantik, realizmdan yiroq. Unda voqealar xuddi tushdagidek vaqt va makon boʻylab sakrab oʻtadi[12].
1996-yilda Maxmalbaf rejissyorlik faoliyatidan qisqa tanaffus olib, yosh kinoijodkorlar uchun Maxmalbaf film maktabini tashkil etadi. Tez orada ushbu maktab uning oilasidan yetishib chiqayotgan boʻlajak kinoijodkorlar uchun xususiy prodyuserlik markaziga aylanadi. 1997-yilda Maxmalbafning 17 yoshli qizi Samira Maxmalbaf Olma (The Apple) filmini suratga oladi. Bu filmni suratga olishda Mohsen Maxmalbaf ssenariynavis va montajchi sifatida ishtirok etadi. Maxmalbafning rafiqasi Marzieh Meshkini esa qizining yordamchi rejissyori sifatida ishlaydi va keyinchalik oʻzi ham rejissyorlik faoliyatini boshlaydi[13].
Qandahor (2001) — Afgʻonistonda, 11-sentyabr hodisalaridan avval sodir boʻlgan voqealardan ilhomlangan holda yaratilgan xayoliy, sarguzashtlarga boy badiiy film. Filmda Tolibon tomonidan ayollarning fuqarolik huquqlari va kelajakka boʻlgan umidlaridan mahrum etilishi tasvirlanadi. Filmda gʻarb madaniyati taʼsirida ulgʻaygan afgʻon ayoli oʻz joniga qasd qilish arafasida boʻlgan singlisini qutqarish uchun, XX asrning soʻnggi Quyosh tutilishi vaqtida Afgʻonistonga qaytadi[14].
Manbalar
tahrir- ↑ Alfoneh, Ali. Iran Unveiled: How the Revolutionary Guards Is Transforming Iran from Theocracy into Military Dictatorship. AEI Press, 2013 — 8-10-bet.
- ↑ Corliss, Richard; Schickel, Richard „All-Time 100 movies“. time.com. 2005-yil 25-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 6-iyul 2025-yil.
- ↑ Black, Ian. „Iran should face smarter sanctions, says Mohsen Makhmalbaf“ (2009-yil 25-noyabr).
- ↑ „Movies“.
- ↑ Dehghan, Saeed Kamali. „The President's Mohsen Makhmalbaf: 'There's a little Shah in all of us'“ (2015-yil 10-avgust).
- ↑ Rima Maktabi. „Exiled Iranian film director's flight to freedom“. Cnn.com (2011-yil 22-sentyabr).
- ↑ „La Biennale di Venezia“ (2006-yil 29-sentyabr). 2006-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-aprel.
- ↑ „Mohsen Makhmalbaf“. Filmref.com. 2017-yil 30-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 17-fevral.
- ↑ „The Top 50 Greatest Films of All Time“. Sight & Sound. British Film Institute (2012-yil 1-avgust). 2012-yil 2-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 10-avgust.
- ↑ MacFarquhar, Neil. „1997 New York Times article describing the four periods into which Makhmalbaf divides his work.“. The New York Times (1997-yil 8-iyun). Qaraldi: 2010-yil 13-may.
- ↑ „Offscreen :: A Study of Mohsen Makhmalbaf's "Time of Love's" intertextual references to Maulana Jalal al-Din Rumi's poem "The Three Fish"“. 2007-yil 26-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 17-fevral.
- ↑ „Gabbeh“. Combustiblecelluloid.com.
- ↑ Bordwell, David, and Kristin Thompson, ed. Film History. 3rd. New York: McGraw-Hill, 2010. 610. Print.
- ↑ Axmaker, Sean. „Haunting 'Kandahar' a stark, surreal odyssey“. Seattle Post-Intelligencer (2002-yil 1-oktyabr).
Havolalar
tahrir| Vikiomborda Mohsen Maxmalbaf haqida turkum mavjud |
- Makhmalbaf Film House (Official Website of Makhmalbaf's family: Mohsen – Marzieh – Samira – Maysam – Hana)
- Mohsen Maxmalbaf IMDbda